O'rgan-o'rgat

O'rgan-o'rgat
  • Sahifa yaratilgan vaqt 2017-05-28 15:01:27
  • marta ko'rildi
“O‘RGAN-O‘RGAT” tadbirlar majmuasini amalga oshirish Bugungi kunda xalk ta’limi tizimidagi eng muhim vazifalardan biri ta’lim sifati va mazmunini yangi boskichga ko‘tarish, ma’naviy jihatdan barkamol, axloqan pok, shaxsiy va kasbiy fazilatlarga boy, mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor, faol yoshlarni shakllantirish, o‘kituvchilarning bilimi va kasbiy mahoratini rivojlantirish, ularga amaliy metodik yordam berish, xususan, yosh o‘kituvchilarning tanlagan kasbiga nisbatan ishtiyoqini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishdir. Bu vazifalarni samarali amalga oshirish uchun o‘zaro tajriba almashish usulidan foydalangan holda “O‘rgan-o‘rgat” nomi bilan atalgan, turli yo‘nalishlarni o‘zida mujassasamlashtirgan tadbirlar majmuasini amaliyotga tatbiq etishni tavsiya etamiz. Ushbu ”O‘rgan-o‘rgat” tadbirlari maktablar o‘rtasida, tumanlar o‘rtasida, o‘qituvchilar o‘rtasida, direktorlar o‘rtasida, direktor o‘rinbosarlari o‘rtasida, o‘quvchilar o‘rtasida biri-birining tajribasini o‘rganish va ommalashtirish, o‘zaro do‘stona raqobatbardoshlik muhitida ish jarayonini tashkil etish maqsadida joriy etiladi. O‘rgan-o‘rgat tadbirida ish tajribalarni o‘rganish va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatish, kadrlarni mavsumiy, bir-ikki kunlik shaklda almashinib ishlash, bir-birlari bilan faoliyatga (muammollarni aniqlash va yechimini topish, ba’zilariga o‘rgatish maqsadida) oid debat o‘tkazish shakllaridan foydalanish mumkin. “O‘rgan –o‘rgat” - o‘quvchilar o‘rtasida Umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’lim- tarbiya jarayonini to‘g‘ri va ilmiy asosda tashkil etish uchun o‘quvchining o‘ziga xos psixologik holatini o‘rganishi muhim sanaladi. Zotan, har bir o‘quvchi o‘ziga xos fe’l-atvorga ega. Shu bois, ta’lim-tarbiya jarayonida ularga individual munosabatda bo‘lish, shaxsiy xususiyatlarini o‘rganish orqali tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish oqilona va samarali usuldir. O‘quvchini o‘rganishda uning birinchidan yaxshi jihatlari, ijobiy tomonlarini e’tirof etish yaxshi samara beradi. Demak, o‘quvchi va o‘quvchi o‘rtasida o‘zaro do‘stona munosabatning shakllanishi ta’lim sifatini kafolatlovchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Jumladan, DTS talablarini o‘zlashtirishida qiynalayotgan o‘kuvchilarga ko‘maklashuvchi «Faol o‘quvchilar» maktabining tashkil etish orqali amalga oshirilishi mumkin. Maktab iqtidorli o‘quvchini boshqa bir iqtidorli bilan, o‘zlashtirish ko‘rsatkichi o‘rta o‘quvchini xuddi shunday o‘quvchi bilan yoki a’lo va bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchidan juftlik hosil qilish orqali fanlar bo‘yicha o‘quvchilarning o‘zlashtirish sifatini oshirish, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarni yuqori darajaga ko‘tarish, o‘quvchilar o‘rtasida do‘stona muhitni shakllantirish, bir-biriga yordam berish hislarini tarbiyalash hamda iqtidorli, ilg‘or va ijodkor o‘quvchilarni aniqlab, ularga yordamga muhtojlik sezadigan o‘quvchilarni biriktirish yo‘li orqali ularni o‘qishga qiziqishlarini oshirish, ilg‘or o‘quvchilar safiga qo‘shilishiga ishtiyoq uyg‘otish, o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchilar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish, o‘quvchining faolligini oshirish maqsadida tashkil etiladi. “O‘rgan-o‘rgat”– o‘qituvchilar o‘rtasida “O‘rgan-o‘rgat”– o‘kituvchilar o‘rtasida ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi: 1.Ustoz-shogird maktabi tashkil etish orqali. 2.Ilg‘or tajriba maktabining tashkil etish orqali. 1. Ustoz-shogird maktabi Hududlardagi ta’lim muassasalarida «Ustoz-shogird» maktabini tashkil etish uchun tuman (shahar) Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limiga ta’lim muassasalari tavsiya etilgan nomzodlar orasidan quyidagi talablarga muvofiq Ustozlar tanlab olinib, ustoz ishlaydigan maktabda «Ustoz-shogird» maktabi tashkil etilishiga oid buyruq qabul qilinadi. oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lgan; o‘z fani yo‘nalishida ilg‘or tajribaga ega, ijodkor, tashabbuskor, yangilikka intiluvchan va muntazam ravishda kasbiy bilimlarini oshirib borgan; faoliyati to‘g‘risida ta’lim muassasasi rahbarlari, kasbdoshlari, o‘quvchilar va ularning ota-onalari tomonidan ijobiy baho berilgan; ilmiy-amaliy anjumanlarda ma’ruzachi sifatida ishtirok etgan, Respublika va mahalliy matbuotda e’lon qilingan maqola yoki ilmiy, ilmiy-metodik, to‘plamlarda chop etilgan ma’ruzalar muallifi; “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi”, “Yilning eng yaxshi pedagogi”, yoki “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovi (respublika, viloyat, tuman) sovrindori; o‘zi faoliyat olib borayotgan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kamida 3-5 yil davomida o‘quvchilarining o‘zlashtirish sifat ko‘rsatkichi yuqori bo‘lganligi va boshqa ko‘rsatkichlari hisobga olinadi. Tanlangan Ustoz o‘z ish joyidagi xizmat vazifalarini to‘liq bajarishi va shu bilan birga, o‘ziga biriktirilgan shogirdlar bilan shug‘ullanishi uchun sarflanadigan vaqtni hisobga olgan holda bir Ustozga ko‘pi bilan uch nafardan bir nafargacha shogird biriktiriladi. (mehnat ta’limi, tasviriy san’at, musiqa, chizmachilik fan o‘qituvchilar uchun bir nafar shogird bo‘lishi mumkin). Shogirdlar Ustoz ishlaydigan ta’lim muassasasidan, yoki ushbu maktabga yaqin hududdagi maktablardan, tegishli fan metodika birlashmalarining tavsiyasiga binoan tanlanib, tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limining buyrug‘i bilan Ustozga biriktiriladi. Shogirdlarni tanlashda ularning kasbiy tayyorgarlik darajasi quyidagicha bo‘lishi ko‘zda tutiladi: birinchi shogird tajribali, kasbiy mahorati yuqori (ustozlik darajasiga yaqin) bo‘lgan pedagog; ikkinchi shogird-tajribali, kasbiy mahorati bo‘yicha malakasini oshirishga o‘zida extiyoj sezgan pedagog; uchinchi shogird - yosh mutaxassis. Tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi shogirdlarni Ustozga biriktirish to‘g‘risidagi buyrug‘ida quyidagilar aks ettiriladi: -belgilangan Ustoz va shogirdlarning ish joyi, lavozimi; -uzluksiz malaka oshirishning o‘quv-metodik, o‘quv-moddiy, moddiy-texnika va moliyaviy ta’minoti masalalari; -ustoz mehnatini rag‘batlantirish tartibi va manbalari; -uzluksiz malaka oshirish jarayoni monitoringi va nazorati tartibi, shuningdek, shogirdlarning “Ustoz-shogird” maktabi bo‘yicha o‘quv yiliga mo‘ljallangan jarayoni jadvali tasdiqlanadi. Buyruq nusxasi belgilangan Ustozning va shogirdlarning ish joyiga yetkaziladi. «Ustoz-shogird» maktabidagi mashg‘ulotlar tegishli fan o‘qituvchilarining metodik kunlarida ilmiy, metodik va amaliy bilimlarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv, seminar, trening, bahs-munozaralar o‘tkazish hamda amaliy ko‘nikma va malakalarni mustahkamlab borish bo‘yicha o‘zaro darslar kuzatish, tahlil qilish va tegishli konsultatsiyalar shaklida olib boriladi. O‘zaro darslar kuzatish va tahlil qilishni tegishli fan o‘qituvchilarining metodik kunlarida, har oyning birinchi haftasida Ustoz ishlaydigan ta’lim muassasasida uning darsini, keyingi haftalarda navbati bilan shogirdlar ishlaydigan ta’lim muassasalariga borib, ularning darsini kuzatish va tahlil qilish shaklida olib boriladi. Buning uchun tegishli ta’lim muassasalari ma’muriyati tomonidan metodik kunlarda” Ustoz va shogird” darslarini o‘tkazish uchun dars jadvali muvofiqlashtirib beriladi. «Ustoz-shogird» maktabi faoliyati samaradorligiga bevosita tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi qoshidagi ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayonini metodik ta’minlash kichik guruhining metodistlari mas’ul hisoblanadi. Ular ustoz va shogird o‘qituvchilarning nomzodini ta’lim muassasadagi fan metod birlashmasi bilan kelishgan holda belgilaydi, hamkorlik rejasini ishlab chiqadi va ijrosini nazoratga oladi, fanlar kesimida amaliy-uslubiy yordamlar, vaqti-vaqti bilan davra suhbatlari, seminarlar o‘tkazib, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish choralarani ko‘radi. Har chorak yakunida ustoz va shogirdlar hamkorligi natijasi bo‘yicha davra suhbatlari o‘tkazadi, o‘zaro dars kuzatuvlari xulosalarini tinglaydi, hamkorlikda tayyorlangan hujjatlar yig‘majildlari asosida umumiy faoliyat monitoringini olib boradi. Unda: Ustoz va shogirdning dars tahlillari, o‘quvchilarni har chorak davomida o‘zlashtirish sifat ko‘rsatgichlari, choraklar kesimida o‘zlashtirish sifat ko‘rsatgichlarni qiyoslash, ilg‘or tajribalarni o‘rganishi va amalga tatbiq qilishi, innovatsiyalar (ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari)dan foydalanishi, ijodiy, metodik yoki ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanishi, faoliyatning reyting ko‘rsatgichlari e’tiborga olinadi. Monitoring natijalari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan shogirdga Ustoz va u ishlaydigan ta’lim muassasasi tegishli Fan metodika birlashmasining tavsiyasiga binoan ustozlar ro‘yxatiga o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqadi, tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi qoshidagi ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayonini metodik ta’minlash kichik guruhi kengashiga muhokama qilish uchun taqdim etiladi hamda tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Ustoz o‘qituvchi: shogirdlarning individual rejasi bo‘yicha bilim, ko‘nikma, malakalarni o‘zlashtirib borishlarini, individual rejada belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida to‘liq va sifatli bajarilishini nazorat qiladi; shogirdlari faoliyatiga va o‘z ustida ishlash rejalarini bajarilishi monitoringini olib boradi; shogirdlarining darslarini kuzatadi, tahlil qiladi, amaliy-metodik tavsiyalar berib boradi; zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari va jihozlaridan samarali foydalanish, ilg‘or ish tajribalarni, axborot-kommunikatsiya va multimediya vositalarini hamda elektron darsliklarni amaliyotga tatbiq qilishga ko‘maklashib boradi. Shogirdlar: individual rejada belgilangan tadbirlarni bevosita o‘z vaqtida amalga oshiradi; ustozlarning va hamkasb shogirdlarining darslarini kuzatadi, ustozdan maslahatlar oladi va dars jarayonida sifat-samaraga erishish uchun o‘z ustida ishlash rejasi asosida bilimini oshirib boradi; ustozning darslarini kuzatishi tajribasini o‘rganadi; ijodiy, metodik yoki ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanadi. Eng muhimi: “O‘rgan-O‘rgat” tadbirlar majmuasini amalga oshirishda hisobotbozlikka yo‘l qo‘yilmaydi, amalga oshirilgan ishlar hisoboti yozilmaydi va olinmaydi, ushbu vazifalarga ixtiyoriy, sidqidildan va vijdonan yondashish tavsiya etiladi; “O‘rgan-O‘rgat” tadbirlar majmuasi tavsiya hisoblanib, majburiy ko‘rinishga ega emas, joylarda bundanda yaxshiroq tajribalar aniqlansa, ulardan foydalangan holda amaliyotga tatbiq etish mumkin; “O‘rgan-O‘rgat” tadbirlar majmuasi ko‘p sonli pedagoglar tajribasi asosida muntazam boyib boraveradi.

Test

Haftalik yangiliklarga a'zo bo`lish